
«Apple Payni ulab beramiz»: firibgarlarning yangi sxemalari va kartani ularga qanday boy bermaslik
Moliyadagi har qanday yangilik – firibgarlar uchun sovgʻa: odamlar u qanday ishlashini hali bilmaydi va «mutaxassislar»ga oson ishonadi. Apple Pay bilan ham shunday. Jinoyatchilarga plastik kartangiz kerak emas – karta rekvizitlari va SMSdagi bitta kodni bilish kifoya: shu bilan ular kartangizni oʻz iPhoneiga bogʻlab, doʻkonlarda bemalol toʻlay oladi. Asosiy sxemalarni va pulingizni saqlab qoladigan oddiy qoidalarni koʻrib chiqamiz.
Nega firibgarlarga sizning kodingiz kerak
Kartani Apple Walletga qoʻshishda bank karta egasiga tasdiqlash kodini yuboradi. Bu oxirgi tekshiruv: bank kartani aynan uning egasi qoʻshayotganiga ishonch hosil qiladi.
Agar bu kodni begona odamga aytsangiz, kartangiz uning telefonidagi Walletga tushadi. Keyin u kartangiz bilan kontaktsiz terminali bor istalgan doʻkonda toʻlay oladi – plastiksiz, CVVsiz va sizdan bexabar. NFCli bankomatdan esa naqd pul ham yechib oladi. Shuning uchun deyarli barcha sxemalar bitta narsaga borib taqaladi: nima qilib boʻlsa ham sizdan shu kodni olish.
Allaqachon ishlayotgan beshta sxema
1. «Bankdan qoʻngʻiroq: Apple Payni siz uchun ulab beramiz»
Sizga Tez, Hamkorbank yoki Markaziy bankning «xodimi» qoʻngʻiroq qiladi. Ovozi muloyim, ishonch bilan gapiradi va ismingizni biladi. Apple Pay ishga tushgani bilan tabriklaydi va «aksiya davom etayotganda xizmatni hoziroq bepul ulash»ni yoki «kartani faollashtirish»ni taklif qiladi, «aks holda u ishlamay qoladi».
Keyin kodli SMS keladi va sizdan uni «tasdiqlash uchun» aytishni soʻrashadi. Aslida bu kartangizni firibgarning telefoniga bogʻlash kodi.
2. «Erta kirish» va «Humo va Uzcard uchun Apple Pay»
Telegram kanallarida va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarda eʼlonlar paydo boʻladi: «Apple Payni birinchilardan boʻlib ulang», «Apple Pay endi Humo va Uzcard bilan ishlaydi – havola orqali faollashtiring». Havola bankning soxta saytiga yoki «rasmiy» botga olib boradi. U yerda karta raqami, amal qilish muddati, CVV, keyin esa SMSdagi kod soʻraladi.
Maʼlumotlarni kiritdingiz – karta begona Walletga ketdi. Humo va Uzcard kartalari hozircha Apple Payga ulanmaydi. Bu imkoniyat paydo boʻlganda ham karta bank ilovasida yoki Walletda qoʻshiladi – havola orqali emas.
3. «Apple Payni pullik sozlash»
Eʼlonlar saytlarida va chatlarda Apple Payni arzimas pulga «boshidan oxirigacha sozlab berish»ni taklif qilishadi. «Usta» kartaning ikki tomonini suratga olib yuborishni yoki kodni aytib berishni soʻraydi – «shunday tezroq». Natija oʻsha: xizmat uchun pul toʻlaysiz va kartangizga kirishni oʻz qoʻlingiz bilan topshirasiz.
Apple Pay vositachilarsiz, bir daqiqada va bepul sozlanadi.
4. «Android uchun Apple Pay»
Telegramda «ApplePay.apk» yoki «Har qanday telefon uchun Apple Pay» kabi fayllar tarqatilmoqda. Lekin Apple Pay faqat iPhone, Apple Watch, iPad va Macda ishlaydi. Android uchun har qanday bunday fayl – virus. U SMSlarga kirish huquqini oladi, bankdan kelgan kodlarni oʻqiydi va pulni yechib oladi.
5. «iPhoneingiz topildi» va soxta Apple qoʻllab-quvvatlash xizmati
Sizga SMS yoki iMessageda xabar keladi: «Yoʻqolgan iPhoneingiz topildi, joylashuvini koʻring». Yoki «Apple qoʻllab-quvvatlash xizmati» yozib, Apple Pay boʻyicha yordam taklif qiladi. Havola Apple IDga kirishning soxta sahifasiga olib boradi. Login va parolni kiritsangiz, firibgarlar akkauntingiz va qurilmalaringizga kirib oladi.
Aldovni qanday tanib olish mumkin
Bir nechta faktni eslab qoling – va koʻpchilik sxemalar ishlamay qoladi:
Tez hech qachon Apple Payni ulash uchun qoʻngʻiroq qilmaydi. Kartani faqat siz oʻzingiz, oʻz iPhoneingizda qoʻshasiz.
SMSdagi kod faqat sizga kerak. Hech kim – na bank, na Apple, na davlat idoralari uni aytib berishni soʻramaydi.
Apple Pay bepul. Hech qanday «aksiya», «pullik faollashtirish» va «boshidan oxirigacha sozlash» boʻlmaydi.
Apple Payni «havola orqali faollashtirish» shart emas. Karta Tez ilovasida yoki iPhonedagi Walletda qoʻshiladi.
Apple foydalanuvchilarga oʻzi qoʻngʻiroq qilmaydi va Telegramda yozmaydi.
Sizni shoshiltirishyapti va qoʻrqitishyapti – karta bloklanishi yoki «aksiyaning oxirgi kuni» bilan. Bu firibgarning aniq belgisi.
Kodli SMSni diqqat bilan oʻqing: unda kod nima uchun kerakligi yozilgan. Agar kod kartani Apple Payga qoʻshish uchun kelgan boʻlsa-yu, siz hech narsa qoʻshmagan boʻlsangiz – kartangizni begonalar bogʻlamoqchi va karta rekvizitlari ularda allaqachon bor. Kodni hech kimga aytmang va kartani Tez ilovasida qayta chiqaring.
Kartani qanday himoya qilish kerak: oddiy qoidalar
Kartani faqat oʻzingiz qoʻshing. Telefoningizni «sozlashga yordam berish» uchun notanishlarga bermang va hech kimga kod aytmang.
Ilovalarni faqat App Storedan yuklab oling. Telegramdagi hech qanday .apk fayllarni oʻrnatmang.
Apple ID uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing va xabarlardagi havolalar orqali akkauntga kirmang.
Tez ilovasida push-bildirishnomalarni yoqing – hisobdan yechilgan har bir summani darhol koʻrib turasiz.
Tez ilovasida karta limitlarini oʻrnating – shunda eng yomon holatda ham firibgarlar belgilangan summadan koʻp yecha olmaydi.
Shubha qilsangiz – goʻshakni qoʻying va Tez gʻamxoʻrlik xizmatiga +998 78 129 27 77 raqami orqali oʻzingiz qoʻngʻiroq qiling yoki ilovadagi rasmiy chatga yozing.
Agar karta allaqachon begona telefonga bogʻlangan boʻlsa, nima qilish kerak
Darhol harakat qiling – har bir daqiqa muhim:
Kartani Tez ilovasida bloklang. Bu bir bosishda qilinadi. Bloklangandan keyin karta bilan begona telefondagi Apple Pay orqali ham toʻlab boʻlmaydi.
Tez gʻamxoʻrlik xizmatiga qoʻngʻiroq qiling – ilovaga kira olmasangiz, +998 78 129 27 77 raqamiga. Operator kartani bloklaydi va holatni qayd etadi.
Kartani qayta chiqaring – bloklagandan keyin buni ilovada qilsa boʻladi. Soʻng yangi kartani Apple Walletingizga qaytadan qoʻshing.
Apple ID parolini almashtiring, agar uni shubhali saytda kiritgan boʻlsangiz, va akkaunt sozlamalarida qurilmalar roʻyxatini tekshiring.
Ariza bering – huquqni muhofaza qilish organlariga: 102 raqami orqali, eng yaqin ichki ishlar boʻlimiga borib yoki my.gov.uz orqali. ID-karta, Tez ilovasidan koʻchirma va yozishmalar skrinshotlarini olib boring.
FAQ
Firibgarlar kartamni kodsiz Apple Payga ulay oladimi?
Kartani Apple Walletga qoʻshish uchun bank karta egasining tasdigʻini soʻraydi. Shuning uchun sizga keladigan kodsiz kartani begona telefonga bogʻlab boʻlmaydi. Firibgarlar aynan shu kodni ovlashadi
Menga Tezdan qoʻngʻiroq qilib, Apple Payni ulashni taklif qilishdi. Bu rostmi?
Yoʻq. Tez Apple Payni telefon orqali ulamaydi va kod soʻramaydi. Goʻshakni qoʻying va Tez gʻamxoʻrlik xizmatiga rasmiy +998 78 129 27 77 raqami orqali oʻzingiz qoʻngʻiroq qiling
Kodni oʻzim aytib qoʻygan boʻlsam, pulni qaytarishadimi?
Agar tasdiqlash kodini ixtiyoriy ravishda bergan boʻlsangiz, bank operatsiyani sizning roziligingiz bilan qilingan deb hisoblaydi va pulni qaytarishga majbur emas. Mablagʻni muzlatish imkoniyati faqat kartani tezda bloklab, huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bersangiz bor


